s
USD: Rub: Eur:
2021-10-28 239

Farzandlarimiz uchun xavf qachon bartaraf etiladi?

Urganchdagi aholi yuradigan yarimta yo’llar

Respublikamiz ko’chalarida bir kunda 4,5 millionga yaqin avtomobillar harakatlanadi. Harakatlanish chog’ida amal qilinishi zarur bo’lgan yo’l belgilari soni ham 170 dan ortiq. Harakatlanayotgan aholi soni esa bulardan bir necha o’n barobar ziyod. Demak, bu uch toifa harakatlanish chog’ida bir-biriga zid bo’lgan holatlarni yuzaga keltirmasligi lozim.

Ammo, ayrim joylarda yo’l belgilarining mantiqsiz o’rnatilishi natijasida aholi va avtomobil haydovchilarining tartibsiz harakatini ko’rish mumkin. Qosh qo’yaman deb, ko’z chiqarishdan biroz bo’shab, har bir soha egalari o’zining vazifasiga ma’suliyat bilan yondashsa , qabulxonalarga oqib kelayotgan muammolar safi kamayarmidi.

Shu kabi holatlardan biri, Urganch shahri 4-dahada joylashgan piyodalar yo’lining qurilish tizimidagi kamchiliklarning mavjudligi bilan bog’liq. Dahaning 4R 160 “Urganch sh. – Gurlan sh. – Mang’it sh. – Turkmaniston chegara” atvomobil yo’lining kesishgan chorrahasida piyodalar o’tish uchun yo’lkasi qurilishining oxiriga yetkazilmaganligi haqida bo’lib, ushbu holat bo’yicha joriy yil may oyida bir necha tashkilotlar va Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Deputatiga ham murojaat qilingan edi. Xorazm viloyati avtomobil yo’llari hududiy bosh boshqarmasi tomonidan berilgan javob xatida ushbu chorraha bo’ylab piyodalar o’tish uchun yo’lkacha loyihasi smeta hujjatlarida nazarda tutilmaganligi sababli qurilmaganligi keltirib o’tilgan. Piyodalar o’tish uchun yo’lkacha qurish va yotiq chiziqlarni chizish ishlari joriy yil yakuniga qadar tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishini ma’lum qilgan edi. Mana yil yakunlanishiga ham roppa-rosa  64 kun qoldi. Javob xatida qayd etilgan tegishli tashkilotlardan esa hali-hanuz darak yo’q.

Ushbu yo’l markaziy yo’llardan biri hisoblangani sababli, avtomashinalar qatnovi sutka davomida to’xtovsiz harakatlanadi. Kunduzi esa umumta’lim maktablari o’quvchilari va aholining katta qismi chorraha orqali yo’ldan kesib o’tishadi. Qarabsizki, yo’lning narigi tarafidan kelgan piyodalar yo’lkachasi, yo’lning bu tarafiga o’tgach tugagan. Natijada yo’ldan o’tgan aholi asosiy qatnov yo’lining ta’qiqlangan qismida harakatlanishga majbur bo’ladi. Bu esa o’z hayotingga bila turib chog’ qazish bilan barobar. Achinarlisi, ushbu chorrahadan 2 ta umumta’lim maktabi va 2 ta maktabgacha ta’lim muassasaning mingdan ziyod o’quvchilari harakatlanishi, ammo qurilishi va’da qilingan yo’lkachaning mavjud emasligi , yiliga qanchadan-qancha insonlarning hayotiga xavf solishini muayyan.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Deputati Abdulla Ro’zmetov ushbu murojaat yuzasidan Xorazm viloyat Transport boshqarmasi boshlig’i Rahmatilla Boboevga joriy yil 7-aprelda Deputatlik so’rovi yuborilganligini va mazkur murojaat yuzasidan shahar hokimi bilan telefon orqali gaplashganini ma’lum qilgan.Bizning jurnalistik surishtiruvimiz natijasiga ko’ra ushbu yo’l Urganch shahar hokimligi emas Urganch tuman hokimligi balansida ekani va ushbu yo’lga Transport boshqarma emas Xorazm viloyati avtomobil yo’llari hududiy bosh boshqarmasi mas’ul ekani aniqlandi,aynan ushbu tashkilotga deputatlik so’rovi yuborilishi maqsadga muvofiq bo’larmidi…

Bundan tashqari joriy yil 30-iyul sanasida Xorazm viloyati IIB YHXB tomonidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida aynan ushbu murojaat boshqarma boshlig’iga yetkazildi.Xorazm IIB YHXB boshlig'i shu vaqtda mas'ul hodimlarga tegishli topshiriq berib,zarur bo’lsa jarimaga tortish masalasini ko’rib chiqilishini ma’lum qildi.Kimdir yoki qaysidir tashkilot jarimaga tortilgan yoki tortilmaganligi haqida bizda ma’lumot yo’q,lekin hanuzgacha chorrahada piyodalar o’tish uchun sharoit yaratilmagan.

Har birimiz oddiy inson sifatida shuni unutmasligimiz kerakki, vaqti kelib, tasodifan bo’lsa ham aynan shu yo’ldan o’zimiz ham o’tmasligimzga hech kim kafolat bera olmaydi. Har bitta yo’lning oxirida bir maqsad bor. Sizning ham qaysidir maqsadingiz tomon boradigan yo’lning davomi bo’ladigan piyodalar uchun yo’lkachaning qurilishi yakuniga yetishida ma’suliyatli bo’lishingizni umid qilib qolamiz.

 

Lobar Turayeva

Murojaat24 sayti muxbiri

Мавзуга оид