Quyidagi toifadagi ayollar uchun imtiyozli tartibda qishloq va shahar joylarida qurilayotgan uy-joylar (kvartira)lar ajratiladi:
- og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan;
- nogironligi bo‘lgan;
- kam ta’minlangan (oylik jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,06 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oila) hamda farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan onalar.
Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi komissiyalarga taqdim qilinadigan hujjatlar:
- belgilangan namunadagi so‘rovnoma ariza;
- pasport nusxasi;
- soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);
- oila a’zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi, farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga etmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari:
- yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- doimiy ish joylaridan berilgan ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a’zolarining oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a’zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar nusxalari;
- doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
- doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
- ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki er resurslari va davlat kadastri tuman bo‘linmasidan ma’lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda);
- nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma’lumotnoma nusxasi (oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo‘lgan holatda);
- turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma’lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxsning mavjudligi holatida – tumanlararo (tuman) TMEK ma’lumotnomasi.
Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar uchun beriladigan arzon uy-joylar qiymati to‘lovining:
- 10 foizi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida);
- 90 foizi ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi.
Yuqoridagi toifadagi ayollar imtiyozli tarzda uy-joy sotib olish uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida tashkil qilingan komissiyalarga murojaat qilishlari zarur.