s
USD: Rub: Eur:
2023-11-27 976

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, siyosiy partiyalarning Hukumat rahbari lavozimiga nomzodni ko‘rsatishdagi ishtirokiga oid qanday yangilik kiritildi?

Siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish bugungi kundagi eng asosiy vazifa hisoblanadi.

Buning yorqin misoli sifatida siyosiy partiyalarning hukumatni, ayniqsa Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonidagi ishtirokini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Amaldagi Konstitutsiyamizning 98-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Lekin ushbu konstitutsiyaviy qoida, Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida boshqa siyosiy partiyalarning ishtirok etish huquqini cheklab qo‘ygan edi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 118-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiya fraksiyalari bilan maslahatlatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va maʼqullashi uchun taqdim etiladi.

Kiritilgan mazkur yangilikning ahamiyatini nimalarda ko‘rish mumkin?

Birinchidan, shu vaqtga qadar Bosh vazir nomzodini ko‘rsatishda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya ishtirok etgan bo‘lsa, endilikda barcha siyosiy partiya fraksiyalariga bu borada teng imkoniyat taqdim etiladi;

ikkinchidan, har bir siyosiy partiyaning pirovard maqsadi bo‘lgan, hukumatni shakllantirish jarayoniga bevosita ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi;

uchinchidan, ushbu o‘zgartish orqali har bir siyosiy partiya o‘z saylovoldi platformasidagi eng muhim vazifalarni Hukumat dasturiga kiritish orqali amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi;

to‘rtinchidan, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va maʼqullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ayrim mamlakatlarda, masalan, Qozog‘iston va Ozarbayjon Konstitutsiyalarida hukumat rahbari (Bosh vazir) nomzodi Prezident tomonidan hech qanday qo‘shimcha maslahatlashuvlarsiz parlamentga kiritish amaliyoti mustahkamlanganligini ko‘rishimiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur o‘zgartish mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonlarida barcha siyosiy partiyalarni faollashtirish va ularning hukumat shakllanishi va faoliyatiga taʼsirini oshirish orqali parlament nazoratini kuchaytirishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam sifatida eʼtirof etsak bo‘ladi.

 

Tuproqqal’a tuman Yuridik

xizmat ko`rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                               Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li

Мавзуга оид