s
USD: Rub: Eur:
2025-03-13 233

Tergov sudyasi — bugungi kun talabi!

 

Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Sud hokimiyatining asosiy vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iboratdir.

“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 15-maqsadida, «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish masalalari o‘rin olgan.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi oshishiga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan, 2024 yil 10 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-89-sonli Farmoni bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilib, ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.

Shu jumladan, Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:

Sanksiyalar:

– qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;

– qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;

– pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;

– pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;

– telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;

– mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent  shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Majburlov choralari:

– ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;

– ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;

– ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.

Tergov sudyasi o‘zi kim?

Albatta, bu o‘rinda “tergov sudyasi” tushunchasining o‘ziga ham ozgina ta’rif berib o‘tish kerak bo‘ladi.  

Tergov sudyasi – bu jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.

Vakolat doirasiga ko‘ra tergov sudyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi JPKda ko‘rsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida  sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar bo‘yicha sud vakolatlarining barchasi o‘tkaziladi.

Eng asosiysi esa, tergov sudyasining ish yuzasidan xolislikni va taraflar tengligini ta’minlashi nuqtai nazaridan kelib chiqib, unga ayblov tarafining bir qator vakolatlari, jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini o‘zgartirish, mol-mulkni xatlash va uni taqiqdan yechish, ekspertiza va taftish tayinlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchi va tergovchining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qilish kabi vakolatlarning ham o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.

Tergov sudyasida, shuningdek, advokatlik so‘roviga mansabdor shaxs tomonidan rad javobini olgan himoya tarafining tegishli yuridik yordam ko‘rsatish va himoyasi ostidagi shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan har qanday ma’lumot, hujjat yoki narsalarni talab qilib olish to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish va tegishli organlarga so‘rov yuborish vakolati ham bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman, bu kabi ko‘plab vakolatlarning ish yuzasidan xolislik ta’minlanishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa bir mustaqil organ ish yurituviga o‘tkazilishi natijasida sudga qadar ish yuritishda taraflar tengligining ta’minlanishiga, bu jarayonda taraflar faoliyati ustidan sud nazoratining muvaffaqqiyatli amalga oshirilishiga, shuningdek himoyachining o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratilishiga, alaloqibat,  jinoyat ishlarining shaffof va teng huquqlilik asosida olib borilishiga erishish mumkin.

Shu bois, yuqorida qayd qilingan Farmonning asosiy maqsadi sudyalar korpusini shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga, sud tizimi tuzilmasini isloh qilishga, surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishga va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgandir.

Yangairiq tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsul’ti  R.Aminov

Мавзуга оид