s
Yurtimizda insonlar nikoh shartnomasiga turli xil munosabat bildirishadi. Har bir kelin-kuyov qonuniy nikohdan o‘tarkan, birgalikda uzoq va baxtli yashashga, qo‘sha qarishga umid qilishadi. Afsuski, hamma oilalar ham bunday natijaga erisha olmaydi va nikohdan ajralish, umumiy mol-mulkni bo‘lish masalasi vujudga keladi. Shunday ekan, mulkiy munosabatlar avvaldan tartibga solinsa, bu keyinchalik noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 6-bobi er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bag ‘ishlangan bo ‘lib, nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi hisoblanadi. Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Er va xotin nikoh shartnomasida o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli. Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin.
Nikoh shartnomasi er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan bo‘lgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz ta’minot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va xotindan birini o‘ta noqulay holatga solib qo‘yuvchi yoxud oila to‘g‘risidagi qonunchilikning normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.
Tuproqqal’a tuman FHDY bo‘limi inspektori Ch.Xasanova.