s
Mehnat kodeksining 25-moddasida ish beruvchining majburiyatlari belgilangan bo‘lib, mehnat shartnomalarini, shuningdek ularga doir o‘zgartish va qo‘shimchalarni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida (YMMT) o‘z vaqtida ro‘yxatga olishi shartligi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 dekabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida nizom (https://lex.uz/ru/docs/4630020)ning 3-bandiga ko‘ra, mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda «YMMT»dan foydalanish tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir, O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi, shuningdek, shtat jadvali maxfiy bo‘lgan ish beruvchilar bundan mustasno.
Tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, faoliyat yuritayotgan barcha ish beruvchilar o‘zlarida ishlayotgan xodimlarining avvalgi ish joyi to‘g‘risida mehnat daftarchasidagi barcha yozuvlarni «YMMT»ga kiritishga va 2005 yil 1 yanvargacha mehnat staji to‘g‘risida kiritilgan ushbu ma’lumotlarni mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida ERI bilan tasdiqlab berishga, 2005 yildan keyingi davr uchun mazkur ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun xodim avval ishlagan ish beruvchilarning «Tashkilot kabineti»ga elektron shaklda so‘rov yuborilishiga mas’uldir.
Ish beruvchilar «YMMT»dan kelib tushgan elektron so‘rovga ko‘ra ularda ilgari ishlagan sobiq xodimlarning barcha davrlar bo‘yicha mehnat staji davri haqidagi ma’lumotlarni so‘rov kelib tushgandan so‘ng 10 kun muddatda ERI bilan tasdiqlaydilar hamda sobiq xodimlarining ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushbu muddat davomida belgilangan tartibda arxivlarga taqdim etilmagan hamda o‘zlarining idoraviy arxividagi mavjud hujjatlari asosida «YMMT»ga kiritadilar va ERI bilan tasdiqlaydilar.