s
Konstitusiyamizning 33-moddasi: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.
Fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi insonning fundamental huquqlari hisoblanadi.
Internetdan foydalanish uchun shart-sharoit yaratish, eng avvalo, axborotni izlash, olish, almashish va tarqatishni, shu jumladan, so‘z erkinligi huquqini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Axborot erkinligi bilan bir qatorda mazkur moddada izlash, olish va tarqatish taqiqlangan axborotning turlari aniq sanab o‘tilgan. Shu doiradan boshqa doiralarda axborot erkinligini cheklash mumkin emas.
Boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘-e’tiborini hurmat qilish uchun yoki davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini muhofaza etish uchun shaxsning ayrim huquq va erkinliklari cheklanishi mumkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham belgilangan.
Rasulbek IBRAGIMOV
Xorazm viloyata adliya boshqarmasi
Bosh maslahatchisi