“Yoshlar uylari”ni sotib olish uchun 30 yoshdan oshmagan fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joydagi Yoshlar ittifoqining tegishli tuman (shahar) kengashlariga murojaat qilishlari lozim.
Taqdim qilingan hujjatlar tegishli komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi:
- Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashi raisi nomiga ariza;
- nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi, farzand (bola) tarbiyalab voyaga etkazayotgan yolg‘iz ota yoki yolg‘iz onaning ilgari nikohda bo‘lmaganligi yoxud nikohdan ajralganligi, beva erkak (beva ayol) to‘g‘risida FHDYo organidan berilgan ma’lumotnoma;
- oilaning tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma va oila a’zolarining pasportlari (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar) nusxalari;
- yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlari belgilangan shartlarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi;
- ariza beruvchining (oila a’zolarining) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnomalar yoki ularning yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan ariza beruvchining (oila a’zolari — er va xotinning) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari;
- O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tomonidan berilgan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joy yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- yosh oilaning uy-joyni olish huquqini beruvchi toifaga mansubligini tasdiqlaydigan hujjatlar.
“Yoshlar uylari”ni yoshi 30 dan oshmagan quyidagi fuqarolar sotib olishi mumkin:
- turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (davlat mukofotlari, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari);
- O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida 3 yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar (Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida);
- faoliyat yuritayotgan mehnat jamoasida alohida namuna va xizmat ko‘rsatgan yosh oilalarga (davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining rahbarlari tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida).
Quyidagilar yosh oila sifatida e’tirof qilinadi:
- yoshlar uyini ipoteka krediti asosida sotib olish uchun hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza berilgan paytda er-xotinning ikkisi ham 30 yoshdan oshmagan oila;
- farzand (bola) tarbiyalab voyaga etkazayotgan 30 yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila;
- 30 yoshdan oshmagan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol)dan iborat oila.
Quyidagi hollarda navbatdan tashqari beriladi:
- er-xotinning har ikkisi etimlar — «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari bo‘lsa;
- imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa.
- imtiyozli ipoteka krediti oluvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida 3 yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yoshlardan bo‘lsa, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining tavsiyanomasi bo‘lsa.
Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining hisobda turgan yosh oilalarga ular uchun zarur bo‘lgan turar joy maydoni mavjudligidan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqdim etiladi.
Ipoteka krediti Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining foiziga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladi.