s
Ustav (Nizom) – xo‘jalik yurituvchi sub’ektning tuzilmasi, faoliyat yo‘nalishi, funksiyasi, huquqlari va majburiyatlarini belgilovchi lokal-huquqiy hujjatdir. Ustav korxonaning ta’sis hujjati hisoblanadi.
E’tibor bering, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-moddasiga asosan yuridik shaxs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi yoki ustav asosida yoxud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin. Demak, ta’sis hujjatlari sifatida tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tashkilotlardaa ustav, tijoratchi hisoblanmagan tashkilotlarda odatda nizom bo‘ladi.
Oddiy fuqarolar uchun ularning fuqarolik pasporti qanchalik muhim bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun ularning ustavlari (nizomlari) shunchalik muhim sanaladi. Ustav (nizom) shaklan va tarkibiy jihatdan tashkilot nomi, uning tasdiqlangan joyi va sanasi, indeksi, sarlavha, kelishish to‘g‘risidagi belgi, viza, ta’sischilarning imzo rekvizitlaridan iborat bo‘ladi.
Tashkilot nizomi yuqoridagi o‘rinlarda aytilganidek, ko‘proq tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan tashkilotlar faoliyatida tatbiq etiladi, masalan, davlat boshqaruvi organlari (vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat idoralari), muassasalar ta’sis etilganda ularning faoliyat nizomi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Tashkilot to‘g‘risidagi nizom – tashkilotning statusi, uning vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi va boshqa faoliyat tartibini belgilaydigan ta’sis hujjatidir.
Ustav (yoki nizom) A4 formatli standart varaqlarda rasmiylashtiriladi hamda ustav matni quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
➖ umumiy qoidalar;
➖ korxonaning firma nomi;
➖ tashkilot joylashgan manzil va pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
➖ muassisning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
➖ tashkilotning asosiy faoliyat turlarining ro‘yxati;
➖ tashkilot ustav fondining miqdori (tijorat tashkilotlari uchun);
➖ tashkilotning ijro organi va boshqaruv tartibi;
➖ mol-mulk va vositalar;
➖ qayta tashkil etish va tugatish.
Ustav (yoki nizom)ning titul varag‘ida hujjat turi (ya’ni uning ustavligi), yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli, uning firma nomi, ta’sis etish joyi, ustav (yoki nizom)ning tashkilot muhri bilan tasdiqlanadigan ta’sischilar yoki ishtirokchilar tomonidan tasdiqlash grifi ko‘rsatiladi.
Ustav (yoki nizom)ning asl nusxasini ro‘yxatga oluvchi organ yuqori chap tomonda ustav (yoki nizom) ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida belgi qo‘yadi hamda tegishli tartibda tasdiqlash belgisi qo‘yiladi.
Korxona ustavi (yoki nizomi), ushbu tashkilotning tashkiliy-huquqiy maqomi va ijro organi tuzilmasidan kelib chiqib, turli xil hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Masalan, tashkilot mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘lgan taqdirda, “Mas’uliyati cheklangan jamiyat va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunga binoan jamiyat ustavi jamiyat ta’sischilari (yoki ta’sischisi)ning umumiy yig‘ilish qarori bilan tasdiqlanadi.
Shovot tumani Аdliya boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova