s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 411

Maktab bitiruvchilari qanday holatlarda yakuniy attestatsiya topshirishdan ozod etiladi?

 

“Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, fanlarni ijobiy o‘zlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari buyruqlari asosida quyidagi hollarda qisman yoki butunlay ozod etiladilar:

— mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq tasdiqlangan 59 turdagi yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod qilish mumkin bo‘lgan kasalliklarga asosan;

— xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli ko‘rik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga to‘g‘ri kelsa. Bunda bitiruvchi shu kunlardagi yakuniy attestatsiyadan ozod etiladi.

Xorijiy tillar hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchi yakuniy attestatsiya topshiriladigan fandan ozod etiladi. Bunda, xorijiy tillar hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Bitiruvchi yillik ijobiy baholarga ega bo‘lgan holda sog‘lig‘i tufayli yakuniy attestatsiyadan ozod etilgan taqdirda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari quyidagi hujjatlarga asoslangan holda buyruq qabul qiladi:

— maktab joylashgan hududdagi davolanish muassasasi tibbiy-nazorat komissiyasining maktab shifokori, qishloq joylarda esa tuman bosh pediatri bilan kelishgan holdagi tibbiy xulosalari;

— maktab pedagogika kengashining qarori va direktorning rasmiy xati, o‘zlashtirish tabeli (ushbu ko‘rsatilgan hujjatlar direktor imzosi va maktab muhri bilan tasdiqlanadi).

Bitiruvchilarning yashash joyi o‘zgarishi (Respublikadan tashqariga chiqish) munosabati bilan shu holatni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari bo‘lsa, (bu holat mart-aprel-may oylarida yuzaga kelsa) bunday bitiruvchilarga yakuniy attestatsiyadan muddatidan ilgari o‘tishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining buyrug‘i bilan ruxsat beriladi.

Bunday hollarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan fanlardan yakuniy attestatsiya, qolgan fanlardan esa sinovlar mazkur Nizom talablari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy attestatsiya va sinovlar maktab direktori tuzgan muvaqqat yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan va u tasdiqlagan jadval asosida o‘tkaziladi.

Yakuniy attestatsiya davrida kasal bo‘lgan va yakuniy attestatsiya jarayoni tugashigacha tuzalib kelgan bitiruvchilar maktab direktorining buyrug‘iga ko‘ra qoldirilgan fanlardan yakuniy attestatsiya tugagandan so‘ng ikki hafta o‘tgach yakuniy attestatsiyadan o‘tadilar.

O‘quvchilarning salomatligi bo‘yicha jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridan ozod etilishlari, ularning maktabni bitirishlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

Мавзуга оид