s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 829

Soliq to‘lovchiga davlat tomonidan imtiyozlar berish tartibi qanday?

Soliq kodeksida soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyati soliq imtiyozlari deb e’tirof etilishi belgilangan.

Soliq to‘lovchiga soliqlarni to‘lash bo‘yicha muddatni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilishi soliq imtiyozlari hisoblanmaydi.

Soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega bo‘lishi mumkin emas.

Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirishi sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablag‘lar maqsadli ishlatilmagan taqdirda maqsadsiz ishlatilgan mablag‘lar summasi belgilangan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirilishi lozim. Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shagan va mazkur imtiyozlarning amal qilish davrida foydalanilmagan mablag‘lar summasi berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng bir yil davomida ularni taqdim etishda belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilishi mumkin. Bunda belgilangan muddatda foydalanilmagan mablag‘lar budjetga o‘tkazilishi lozim.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan tovarlar O‘zbekiston Respublikasining hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan, berilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi, bundan ijtimoiy soliq va O‘zbekiston Respublikasining hududiga olib kirishda (importida) to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari turistik zonalarda joylashgan alohida sanatoriy-kurort obektlari egallagan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining kamaytirilgan soliq stavkalarini belgilash yoki soliq to‘lashdan ozod qilish huquqiga ega.

Soliq imtiyozlarini hisobga olish soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan va soliq imtiyozlarining har bir turiga maxsus identifikatsiya kodini bergan holda amalga oshiriladi.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Sadikova Manzura

Мавзуга оид