s
USD: Rub: Eur:
2024-10-28 998

Men jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiman

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolarining, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va erkinliklari tengligi kafolatlangan.

O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan bo‘lib, uning 29-moddasida ishtirokchi davlatlar nogironlarning siyosiy huquqlarini va boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlashi va nogironlar boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishlari, shu jumladan saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini, jumladan, ovoz berish tartiblari, binolari va materiallari anglash va foydalanish uchun mos va oson bo‘lishini taʼminlash majburiyatlarini olishi belgilangan.

Taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlarda saylovlarning adolatli o‘tishi har bir saylovchining ovoz berish jarayonida ishtirok etishini taʼminlash borasida yaratilgan shart-sharoitlarning saylovchi-fuqarolar uchun qulayligi, kengligi hamda huquqiy asosga ega ekani bilan belgilanadi. O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligida ham barcha saylovchilarga ovoz berish jarayonida to‘sqinliksiz ishtirok etishini taʼminlash borasida muhim qoidalar belgilangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 50-moddasida uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni, xonalarni va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar zarurat bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalariga ega bo‘lishi, ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozimligi, shuningdek, Saylov kodeksining 31-moddasida saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkinligi belgilangan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar saylovlarda ishtirok etish orqali o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanibgina qolmay, bu orqali jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qiladilar.

 

ZUHRA BEGOVA

Xorazm viloyat adliya boshqarmasi

Bosh maslahatchisi

Мавзуга оид