s
USD: Rub: Eur:
2023-07-11 527

“Manzilim bog‘ ichradir, sahroga oshiq bo‘lmisham”

Maxtumquli g‘azali asosida Xorazmning erka o‘g‘loni, taniqli hofiz Komiljon Otaniyozov tomonidan ijro etilgan bu qo‘shiq, yarim asrdan oshibdiki, sevib kuylanadi, sel bo‘lib tinglanadi. O‘zbek qo‘shiqchilik san’ati darg‘alaridan biri, dunyoga Xorazmning “Lazgi”sini tanitgan, davlat arbobi Komiljon Otaniyozovning ulkan ijodiy merosida bunday dilbar, ko‘ngil mulkiga aylangan qo‘shiqlar ko‘p. Mazkur sonimizda san`atkorning mehnat faoliyati xususida gapirmoqchimiz…

K.Otaniyozov 1930-yillardan murakkab xalq ashulalari va dostonlardan qoʻshiqlar ayta boshlagan. Xorazm suvora va maqomlari Komiljon Otaniyozov ijrochilik faoliyatining yuqori bosqichi boʻlib xizmat qildi. Komiljon Otaniyozov Xorazm doston qoʻshiqlari (nomalari) asosida yangicha uslub yaratgan. Bastakor sifatida bu uslubda ijod qilgan "Salom, senga Xorazmdan", "Muborak", "Vatan", "Olqish", "Temir yoʻl", "Oʻzbekiston", "Xorazm" kabi qoʻshiqlari oʻzining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi.

Komiljon Otaniyozovning “Xay omona, omon” so‘zlari bilan xorazmning “Lazgi”si jaranglaganda, maydon olamoni ko‘tarilgan, “Barigar” esa hech kimni befarq qoldirmagan. Uning so‘zsiz jozibasi va aql bovar qilmas iqtidori ko‘plab tinglovchilarni esankiratib qo‘yar edi.

Qo‘shiqchi sifatida sahanada likopcha bilan yakkaxon tarzda kuylash tashabbuskori bo‘lgan. O‘zbek qo‘shig‘i lo‘nda va maromga solingan. O‘z vaqtida u xonanda, bastakor, musiqachi va shoir sifatida kuylagan yagona qo‘shiqchi bo‘lgan, uning butun dasturi oranjirovka qilingan va o’zi tomonidan yaratilgan edi. U o‘zbek musiqasiga Maxtumquli va Mullanafis kabi turkman shoirlarini olib kirgan. Ularning ikkovi ham Xorazmda yashagan va eski o‘zbek tilida ijod qilishgan (turkiy-chig‘atoy). Maxtumquli va boshqa tasavvufchi shoirlarning (Mashrab, Xuvaydo, G‘oyibiy va boshqalar) she’riyati bilan u qo‘shiq san’atida pand-nasihat yo‘nalishini yaratgan. Komiljon Otaniyozov Xorazmning 6,5 mug‘omlarini boshidan oxirigacha ijro etgan yagona xonanda hisoblanadi. Keyinroq, bastakor Matniyoz Yusupov tomonidan xalq ijodining 10 bobligi nashr etilgan, ammo ularni bir o‘tirishda faqat K. Otaniyozovgina ijro eta olgan.

Doston qo‘shiqlari uning musiqasiga binoan, ajoyib voqeilikka ega bo‘ldi: “Na bo‘ldi yorim galmadi?”, “Yorning guli galdi”, “Naylayin”, “Galar sallona-sallona”, “Bolama o‘xshiydi ovozing sani”. Bu xalq qo‘shiqlarining ro‘yxati uzluksiz va ularning bari oliy darajalidir.

U Suvora targ‘ibotchisi bo‘lgan, ularni tarannum etib, “Suvora” yo’nalishiga asos solgan. “Lazgi”ning to‘qqizinchi turi - “So‘z bag‘ishlovchi lazgi”ni kashf etgan - ungacha lazgilarning 8 ta turli musiqasi bo‘lgan. Uning qo‘shiq merosi ulkan, Rumiy va Dehlaviydan tashqari, Sharq shoirlarining, deyarli barchasini kuyga solgan. U O‘zDav filarmoniyasi qoshida “Lazgi” xalq ansambli, Turkmanistonda esa “Feruz” ansamblini tashkil etib, o‘zidan so‘ng eng nufuzli maktab va juda ko‘p dong‘i ketgan qo‘shiqchilarni (Nazira Yusupova, O. Xaitova, B. Xamdamov, O. Otajonov va boshqalar) qoldirgan.

Eng asosiysi, K.Otaniyozovning qo‘shiqlarida ilk bora inson qalbi harakatlarining jo‘shqinlanishi his qilindi. Uning “Naylaram”i bilan O‘zbekiston xalq artisti Fahriddin Umarovning “Naylaram”i, uning “Netay”i bilan SSSR xalq artisti Xalima Nosirova ijrosidagi “Netay”ni solishtirishning o‘zi kifoya. Ularning ijrosida qo‘shiqning asosiy ohangi seziladi - Komiljon akaning ovozida chorasiz vaziyatlar - chuqur qayg‘u, noumid g‘alayon va ko‘tarinki kayfiyat va hatto, mazkur vaziyatga befarqlik ham seziladi. Ushbu ishtiyoqli jo‘shqinlik mana hozir yurakni tilka-pora qaladiganday, go‘yo.

Ularning yaralish tarixi, ijodkorning hayot yo‘li, kitoblari, bastalagan kuylari jamlanmasi, cholg‘u asboblari haqida eng qimmatli ma’lumotlarni Urganch shahridagi Komiljon Otaniyozov uy-muzeyida topish mumkin. Ushbu muzey 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, Urganch shahrida 2017 yilda ustoz san’atkor tavalludining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bog‘ va ijod markazi san’atsevar yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. 2000 yil vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

 

 

Mavjuda Sobirboyeva

 Jurnalist

Мавзуга оид