s
USD: Rub: Eur:
2023-11-17 752

Soliq solish adolatli bo‘lishining konstitutsiyaviy kafolotlari

Soliqlar – jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat byudjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lov hamda Davlat byudjetining asosiy manbai hisoblanadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat ichki va tashqi vazifalarini, turli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar tashkil qiladi.

Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash har bir shaxsning muhim konstitutsiyaviy burchi hisoblanadi. Zero, to‘langan soliqlar hisobidan maktab, bog‘cha, shifoxonalar, yo‘llar kabi ijtimoiy obyektlar barpo etiladi, nogironlar va ijtimoiy ehtiyojmand aholi moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 63-moddasiga “Soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, degan norma kiritildi.

Soliq solish adolatli bo‘lishi deganda, soliqlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lmasligi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emasligini anglatadi. Qolaversa, mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xalqaro soliq amaliyotida kamsitmaslik prinsipi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Daromad va kapitalga soliqlar to‘g‘risidagi namunaviy Konvensiyasida, ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarda o‘z ifodasini topgan.

Shu bilan birga, soliq munosabatlari sohasida kamsitmaslik prinsipi ham o‘z chegaralariga ega. Iqtisodiy ahvoli turlicha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun tabaqalashtirilgan soliq solishni belgilash kamsitish hisoblanmaydi, yaʼni iqtisodiy va boshqa kamsitmaydigan asoslar bo‘yicha farqlashga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zini-o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlarining belgilanishi bunga yorqin misol bo‘ladi.

Mazkur normaning kiritilishi barcha soliq to‘lovchilarning qonun oldida tengligini taʼminlashga, soliqlarni yig‘ish darajasini oshishiga, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

 

Мавзуга оид