s
O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining27-28-moddalariga ko‘ra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.
Yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga uch yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylarning (kvartiralarning), imoratlarning, inshootlarning va ko‘chirib tashlangan dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bozor qiymatlari o‘rtasidagi farqlar to‘liq hajmda qoplanadi.
Hazorasp tuman adliya bo‘lim yuridik xizmat ko‘rsatish markazi