s
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining markazida, eng avvalo, inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish g‘oyasi turadi. Zero, fuqaro sudga murojaat qilar ekan, u faqat qonun normalarining qo‘llanilishini emas, balki adolat qaror topishini kutadi. Adolatni ta’minlaydigan asosiy shaxs esa — sudya.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov — 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi sud-huquq sohasini kelgusi yillarda rivojlantirishning aniq va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Strategiya sud tizimida mustaqillik, ochiqlik, samaradorlik va professionallik tamoyillarini mustahkamlash bilan bir qatorda, odil sudlovni amalga oshiradigan sudya shaxsiga ham alohida e’tibor qaratadi.
Strategiyaning to‘rtinchi ustuni — “Adolat posbonlari” deb nomlanib, uning asosiy maqsadi xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirishdan iborat. Mazkur yo‘nalish, avvalo, sud tizimini malakali kadrlar bilan to‘ldirish, shuningdek, halollik standartlari va korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlikka asoslangan sud tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Sudyalik kasbi faqat qonunlarni puxta bilish bilan cheklanmaydi. Sudyadan huquqiy bilim bilan bir qatorda, mustaqil fikrlash, xolislik, vazminlik, mas’uliyat, yuksak ma’naviyat va inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik talab etiladi. Chunki sud tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror ortida muayyan insonning huquqi, erkinligi, mulki, oilaviy munosabati, tadbirkorlik faoliyati yoki jamiyatdagi qonuniy manfaati turishi mumkin. Shu sababli sudyaning har bir harakati ham huquqiy, ham axloqiy mezonlarga javob berishi shart.
Shu nuqtai nazardan, Strategiyada odil sudlov tizimi uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjirini — “Pipeline model”ni joriy etish belgilangani muhim ahamiyatga ega. Bu sud tizimi uchun kadr tayyorlashni bir martalik jarayon emas, balki nomzodni tanlashdan boshlab, uning kasbiy rivojlanishi, malakasini oshirish va ilg‘or tajribani egallab borishigacha bo‘lgan uzluksiz tizim sifatida tashkil etishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, sudyalikka nomzodlar, amaldagi sudyalar va sud apparati xodimlarining kasbiy kompetensiyalar profilini shakllantirish dasturini ishga tushirish vazifasi ham belgilangan. Bu orqali har bir lavozim uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va professional xususiyatlarni aniq belgilash, kadrlarni tanlash va rivojlantirishda xolis hamda zamonaviy mezonlarga tayanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Strategiyada Odil sudlov akademiyasini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida transformatsiya qilish orqali uni mamlakatimiz va xalqaro miqyosda tan olingan nufuzli ta’lim muassasasiga aylantirish vazifasi ham nazarda tutilgan. Bu bejiz emas. Chunki bugungi kunda huquqiy munosabatlar tobora murakkablashmoqda. Raqamli iqtisodiyot, transchegaraviy munosabatlar, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, yangi turdagi mulkiy va korporativ nizolar sudyadan zamon bilan hamnafas bilim va ko‘nikmalarni talab etmoqda.
Shu sababli sudyalar va sud apparati xodimlarining zamonaviy sharoitlardagi dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish ham mazkur yo‘nalishning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Sudyaning malakasi faqat lavozimga tayinlangan paytda emas, balki butun kasbiy faoliyati davomida takomillashib borishi kerak. Bu esa qabul qilinayotgan sud qarorlarining sifati va asosliligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ayni paytda, odil sudlov va sudyalar hamjamiyati yo‘nalishida rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini tizimli va izchil o‘rganish, uni milliy qonunchilik va amaliyotga maqbul tarzda tatbiq etish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Strategiyada, ayniqsa, quyi sudlarda faoliyat yuritayotgan sudyalar va sud apparati xodimlarini xorijiy mamlakatlarning sud kadrlarini tayyorlovchi ta’lim muassasalari, sohaviy ilmiy-tadqiqot institutlari, sudlar va sudyalar hamjamiyati organlarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish amaliyotini tizimli tashkil etish belgilangan.
Bunday yondashuv sud tizimida xalqaro tajribadan samarali foydalanish, yangi huquqiy institutlarni chuqur o‘rganish va eng muhimi, ularni milliy huquqiy tizim xususiyatlariga moslashtirgan holda qo‘llash imkonini beradi. Shu bilan birga, sud tizimiga yuqori malakali kadrlarni jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish vazifasi ham belgilangani kadrlar siyosatida sifat mezoni ustuvor bo‘lishini ko‘rsatadi.
Sudyalik lavozimiga nomzod shaxs nafaqat huquqiy jihatdan yetuk, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlay oladigan va prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lishi lozim. Chunki sudya uchun professional bilim qanchalik muhim bo‘lsa, uning halolligi, vijdonliligi va adolatga sadoqati ham shunchalik ahamiyatlidir.
Strategiyada sudyalar va sud apparati xodimlarining farovonligini ta’minlash, sog‘ligini muhofaza qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2025-yil 4-martda qabul qilingan “Sudyalar va sud xodimlari farovonligi xalqaro kuni to‘g‘risida”gi rezolyutsiya tavsiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish vazifasining belgilanishi inson omiliga bo‘lgan yangicha yondashuvni anglatadi.
Darhaqiqat, katta mas’uliyat, yuqori ish yuklamasi va murakkab nizolarni hal qilish bilan bog‘liq faoliyat sudyadan katta intellektual va ruhiy resurs talab qiladi. Shu bois professional sud tizimini shakllantirishda sudyaning mehnat sharoiti, sog‘ligi va kasbiy barqarorligi ham e’tibor markazida bo‘lishi lozim.
“Adolat posbonlari” yo‘nalishining ikkinchi muhim maqsadi — halollik standartlari va korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlikka asoslangan sud tizimini yaratishdir. Sudga nisbatan jamoatchilik ishonchi faqat chiqarilgan qarorlar bilan emas, balki sudya va sud xodimining kundalik xatti-harakatlari, muomala madaniyati, kasbiy odobi va halolligi bilan ham shakllanadi.
Sudyaning mustaqilligi uning mas’uliyatidan ajralgan tushuncha emas. Aksincha, sudyaga berilgan yuksak huquqiy maqom undan yanada yuqori darajadagi axloqiy mas’uliyatni talab qiladi. Shu sababli Strategiyada sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy va samarali tizimni joriy etish vazifasi belgilangan.
Bu yerda e’tibor faqat sodir etilgan huquqbuzarlik oqibatlariga munosabat bildirishga emas, balki xavfni oldindan aniqlash va unga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilmoqda. Bunday profilaktik yondashuv sud tizimida sog‘lom va halol muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, sud hokimiyatida komplayens nazorat tizimi va halollik standartlarini keng joriy etish, sudyalar va sud apparati xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish vazifasi ham belgilangan. Bu choralar sudya faoliyatida ochiqlik, xolislik va mas’uliyat madaniyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi, avvalo, sudya shaxsiga bo‘lgan ishonchdan boshlanadi. Shuning uchun sudya nafaqat adolatli bo‘lishi, balki uning xolisligi va halolligiga nisbatan jamoatchilikda asosli shubha tug‘diradigan har qanday holatdan yiroq turishi ham muhimdir.
Sudyalik lavozimi imtiyoz emas, balki ulkan mas’uliyatdir. Sudya sud majlisida qonun nomidan qaror qabul qilar ekan, uning zimmasida muayyan ish bo‘yicha adolatni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqarolarning butun sud tizimiga bo‘lgan ishonchini asrash vazifasi ham turadi.
Shu ma’noda, “Adolat posbonlari” tushunchasini faqat malakali sudyalar sonini ko‘paytirish deb qabul qilish yetarli emas. U professional bilim, yuksak ma’naviyat, halollik, mustaqillik va adolat mezonlarini o‘zida mujassam etgan yangi avlod sudyalari korpusini shakllantirishga qaratilgan kompleks yondashuvdir.
Xulosa qilib aytganda, “Odil sudlov — 2030” strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishida belgilangan vazifalar sud tizimining eng muhim kapitali bo‘lgan inson resursini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimini yaratish, kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish, Odil sudlov akademiyasini transformatsiya qilish, sudyalarning malakasini muntazam oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, yuqori malakali kadrlarni jalb etish hamda sudya va sud xodimlarining farovonligini ta’minlash mazkur yo‘nalishning muhim tarkibiy qismlaridir.
Ayni vaqtda, korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, komplayens nazorat tizimi va halollik standartlarini keng joriy etish sud tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Pirovardida, kuchli va adolatli sud tizimini faqat zamonaviy binolar, raqamli texnologiyalar yoki mukammal protsessual mexanizmlar bilan barpo etib bo‘lmaydi. Uning eng mustahkam poydevori — bilimli, vijdonli, mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli va adolat mezonlariga sadoqatli sudyadir.
Zero, qonun ustuvorligining amaldagi ifodasi ham, inson huquqlarining ishonchli kafolati ham, eng avvalo, odil sudlovni amalga oshirayotgan insonning professionalligi va halolligi bilan belgilanadi. “Adolat posbonlari” yo‘nalishining tub mohiyati ham ana shunda.
Muzaffar Bobonazarov, Urganch tumanlararo iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari