s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 196

Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatini bajarish vaqtida jismoniy kuch ishlatishi mumkinmi?

 

“Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunga asosan, bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida jismoniy kuch ishlatish, o‘ziga biriktirilgan maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni olib yurish, saqlash va ulardan foydalanish huquqiga ega.

Bojxona organi xodimi maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi, shuningdek jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishi bilan bog‘liq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy jihatdan yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvdan o‘tishi shart.

Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bojxona organi xodimiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tegishli ruxsatnoma beriladi.

Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishidan avval ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida aniq ifodalangan ogohlantirish bo‘lishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoxud ularning qo‘llanilishini kechiktirish fuqarolarning va bojxona organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diradigan hamda boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.

Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslarning xatti-harakatlari xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda bojxona organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam bo‘lishiga intilishi shart.

Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilishi, ularning qarindoshlari esa yigirma to‘rt soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.

Jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilgan, shuningdek jismoniy shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida bojxona organining xodimi bevosita boshlig‘iga darhol axborot berishi shart.

Bojxona organlari jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo‘llanilganligi natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek o‘qotar qurol qo‘llanilgan barcha hollar to‘g‘risida prokurorga darhol xabar beradi.

Agar kuch ishlatilmaydigan usullar bojxona organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, u shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida:

— bojxona organlarining qo‘riqlanadigan ob’ektlarini, o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini, portlovchi moddalarni, transport vositalarini egallab olishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yish uchun;

— fuqaroga yoki bojxona organining xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;

— qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlash, olib borish, qo‘riqlab borish va qo‘riqlash uchun, shuningdek uning qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki o‘ziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;

— bojxona organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatishni bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega bo‘ladi.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi, fuqarolarning yoxud bojxona organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

Мавзуга оид