“YOSH CHEGARACHILAR” KLUBLARI FAOLIYATI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 26.06.2023 yildagi Respublika chegaraoldi shahar va tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan “yosh chegarachilar” klublari faoliyatini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida 261-son qarori qabul qilindi.
Ushbu “yosh chegarachilar” to‘g‘risida nizomda, chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Yosh chegarachilar” klublarini tashkil etish, klub a’zoligiga qabul qilish va a’zoligidan chiqarish, klubni boshqarish tartibi, shuningdek, a’zolarining huquq va majburiyatlarini belgilaydi. Yosh chegarachilar Klubini tashkil etish bo‘yicha maktab direktori, tegishli harbiy qismning shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha ofitseri, maktab tibbiy hamshirasi, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, yoshlar yetakchisi hamda “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisidan iborat tarkibda ishchi guruh tuzilishi belgilangan.
Maktab direktori va “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisi ishchi guruh rahbari va kotibi hisoblanadi.
Klub ishchi guruh yig‘ilishi bayoni bilan tashkil etiladi.
Klub o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
NBizomga ko‘ra, Klub maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ramziy bayrog‘i, vimpeli va shioriga ega bo‘lishi belgilangan.
Quyidagilar klubning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini va dunyoqarashini yuksaltirish, ularni milliy qadriyat va an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur, Najmiddin Kubro kabi buyuk siymolarning vatanparvarlik, mardlik va jasurlik tuyg‘ularini shakllantirish;
yoshlarda milliy armiya bilan faxrlanish, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat hissini uyg‘otish, ularni DXX ChQning shonli va jangovar an’analarining davomchilari etib tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bosqichma-bosqich tayyorlash;
yoshlar ongida chegaraoldi hududlardagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
yoshlarda chegaraoldi hududlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan yoki sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning chidamliligini oshirish hamda har qanday qiyinchiliklarni matonat bilan yengishga o‘rgatish;
klub a’zolarini “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasiga (keyingi o‘rinlarda — musobaqa) puxta tayyorlash hamda bir jamoa bo‘lib hamjihatlikda harakatlanishga o‘rgatish.
Tuproqqal’a tumani adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
boshligʻi Iskandarov Xusin