s
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 02-iyun 2015-yildagi “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 13-sonli buyrug‘iga muvofiq, ota-onalar o‘qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo‘lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish huquqiga ega.
Ota-onalar farzandini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi.
Arizaga Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasining voyaga yetmaganni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish uchun roziligi aks etgan qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi.
Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.
Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.
O‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
Gurlan tuman YXKM boshlig‘i E.Raxmatillayev